Turkiyaning Tasaypi kompaniyasi va O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi 25 oktyabr kuni Samarqand viloyatida ikkita oltin konini o‘zlashtirish bo‘yicha bitimni imzoladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Kelishuvga muvofiq, tomonlar Galabuloq va Qushtepa konlarida birgalikda geologik razvedka va o‘zlashtirish ishlarini olib boradi.

Turkiya kompaniyasi to‘rt oy davomida ob’ektlarda tasdiqlash uchun burg‘ilash ishlari, texnik reglamentni ishlab chiqish uchun testlar o‘tkazib, konni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi.

Ijobiy natijalar asosida tomonlar oltin konini o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik shakllari va shartlarini kelishib oladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 maydagi qarorida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Galabuloq va Qushtepa konlarida oltin-kvars va oltin-sulfid-kvars rudalarining prognoz zaxiralari 5,9 tonnaga yaqinroqni tashkil etadi. Hukumat qarorida prognoz zaxiralari 151 tonna oltin va 1200 tonna kumushni tashkil etuvchi 31 ta istiqbolli maydoncha va 12 ta qimmatbaho metall konlari tasdiqlangan.

May oyida Davlat geologiya qo‘mitasi hamda Turkiyaning Energetika va tabiiy resurslar vazirligi Jizzax va Navoiy viloyatlarida uchta istiqbolli oltin ruda maydonini o‘rganish bo‘yicha bitimni imzolagan edi. Geologik razvedka ishlarining joriy yilda boshlanishi kutilmoqda. Turkiya tomoni loyihaga 5 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.