«PWC — Praysvoterxaus Kupers Konsultirovaniye» kompaniyasi «Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy kompleksi doirasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda konsalting xizmatlarini ko‘rsatishda xalqaro konsultant bo‘yicha tender g‘olibi bo‘ldi.

Axborot va jamoat xavfsizligi markazining xabar qilishicha, «Xavfsiz shahar» kompleksi doirasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda konsalting xizmatlarini ko‘rsatishda xalqaro konsultant jalb qilish bo‘yicha tenderda Germaniya, Rossiya, Xitoy, Isroil hamda mahalliy kompaniyalar o‘z takliflari bilan ishtirok etishdi.

«Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy kompleksi ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlari axborot tizimlari, videokuzatuv, qoidabuzarliklarni qayd etish, ob’ektlarni qo‘riqlash, ehtimoliy tahdidlar haqida avvaldan harakatlanish va ogohlantirish tizimlari, intellektual analitika datchiklari, navbatchilik-dispecherlik markazlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari axborot tizimlarini integratsiya qilishni ko‘zda tutadi.

O‘tgan yil yozida tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, «Xavfsiz shahar» loyihasi 2023 yilga qadar butun O‘zbekistonni qamrab olishi lozim.

PwC (PricewaterhouseCoopers) — xalqaro kompaniyalar tarmog‘i bo‘lib, auditorlik va konsalting xizmatlari, shuningdek soliqqa tortish va yuridik xizmatlarini ko‘rsatadi.