Hukumat qarori bilan Adliya organlarining qonun hujjatlarini buzayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar:

nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida qonun hujjatlarining buzilishi, shu jumladan, pul mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha talablarga rioya etilmasligi, pul mablag‘laridan va boshqa mol-mulkdan, ularni moliyalashtirishning noqonuniy manbalaridan foydalanilganligi to‘g‘risida adliya organlarini xabardor qiladi;

adliya organlarining so‘rovlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlarini belgilangan tartibda tugatish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etadi;

akkreditatsiya qilingan chet el fuqaroligi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlarining xodimlari, shuningdek, ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolari tomonidan sodir etilgan qonun hujjatlarining buzilishi to‘g‘risida Adliya vazirligini xabardor qiladi.

Ushbu holatlar to‘g‘risidagi xabarlar va ma’lumotlar ular aniqlangan kundan boshlab o‘n kundan kechiktirmasdan yuborilishi lozim.