Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji xodimlaridan bir nechtasi o‘quvchi qizlarni zo‘rlashda gumonlanmoqda. Bu haqda Turon24 axborot agentligiga viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi axborot manbasiga tayanib xabar qildi. «Gazeta.uz"ning O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi axborot manbasi ham ushbu xabarni tasdiqladi.

Qo‘qon shahar huquq-tartibot idoralari shahardagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlarning nomusiga tegilgani yuzasidan tergov boshlangan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida salomatligida va xulqida nuqsoni bor o‘quvchilar tahsil oladi. Ma’lum bo‘lishicha, kollejning 16 yoshli o‘quvchisi homilador bo‘lib qolgan. Qo‘qon shahar prokuraturasi anonim so‘roq o‘tkazgan. Shunda boshqa qizlar ham jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishgani haqida yozib berishgan.

«Shahar prokuraturasi shu yilning 15−20 oktyabr kunlari kollejning moliyaviy, tashkiliy va tarbiyaviy holati bo‘yicha taftish o‘tkazgan. Barcha xodimlardan tushuntirish xati olingan. Hozir ginekologlar ham o‘quvchi qizlarni tekshiruvdan o‘tkazishmoqda. Ularning 80 foizi zo‘rlash qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkin», — deydi agentlik suhbatdoshi.

Gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining «nomusga tegish», «jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish», «o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish», «mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olish» singari moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kollej direktori davlat mulkini talon-taroj qilganlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish; direktorning haydovchisi, kollej qorovuli, yoshlar yetakchisi va ruhshunosi jinsiy zo‘rvonlikda ayblanib, hibsga olingan.

Shu yilning aprelida Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida ham shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lgan edi. Mazkur jinoyat ishida sudlanuvchilar mansab sovuqqonligi, mansab harakatsizligi, juda ko‘p miqdordagi davlat byudjeti mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish, voyaga yetmaganlarni qiynash, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, hatto jinsiy aloqada bo‘lish shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.