23 oktyabr kuni O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Otabek Imomov Turkiyada Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, mamlakat kamondan otish federatsiyasi rahbari Ug‘ur Erdener bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga tayanib ma’lum qildi.


Uchrashuv chog‘ida tomonlar bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishishdi. Unga ko‘ra turkiyalik murabbiylar O‘zbekistonga tashrif buyurib, sportchilarimiz uchun mashg‘ulotlar, mahorat saboqlari tashkil etadilar. Shuningdek, seleksiya masalasida ham murabbiylarimizga yaqindan yordam beradilar. Undan tashqari, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadilar. Muhim musobaqalarga aynan turkiyalik sportchilar bilan birga tayyorgarlik ko‘radilar.


Avgust oyida MQ prezidenti Umid Ahmadjonov Turkiyaga safari davomida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi rahbari, Kamonchilar fondi vasiylik kengashi raisi, Turkiya yoshlar fondi Oliy maslahat kengashi a’zosi Najmiddin Bilol Erdogan bilan uchrashib, hamkorlikni kuchaytirish, aloqalarni yanada mustahkamlash, kamondan o‘q otish sport turiga oid bir qator masalalarni muhokama qilgan edi.