Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an seshanba kuni parlamentda hukmron Adolat va rivojlanish partiyasi a’zolari oldida so‘zga chiqar ekan, saudiyalik jurnalist Jamal Kashikchining o‘limi oldindan puxta rejalashtirilgan qotillik ekanini ma’lum qildi, deya xabar berdi Euronews.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, qotillik Kashikchining Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligiga kelishidan bir necha kun muqaddam rejalashtirilgan. Operatsiyada Saudiya Arabistonidan kelgan ikkita guruh ishtirok etgan. Rejep Tayyip Erdog‘an Saudiya Arabistoni hukumatini 2 oktyabr kuni bedarak yo‘qolgan Kashikchi o‘limida gumonlanayotgan shaxslarni sud qilishga chaqirdi.

RIV Novosti Turkiyaning «Vatan» partiyasi yetakchisi Dog‘u Perinchekka tayanib xabar qilishicha, Jamal Kashikchi tanasi qoldiqlari Saudiya Arabiston bosh konsuli qarorgohi hududidagi quduqdan topilgan.