22 oktyabr kuni tunda Namangan viloyati Pop tumani Qamchiq dovonida noma’lum haydovchi urib yuborgan piyodani, so‘ngra yana bir necha mashina bosib ketgan, deya xabar qildi tuman IIB «Gazeta.uz"ga. Natijada Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashagan 41 yoshli Erkin Ergashboyev vafot etgan.


«Hozircha qidiruvdagi shaxs topilgani yo‘q. Hozirda kuzatuv kameralari yozuvlari tekshirilmoqda. Bu qiyin jarayon, piyodani mashina urib yuborgan, boshqa mashinalar esa uni payqamasdan yana bosib ketgan. Birinchi mashina haydovchisini qidirish ishlari olib borilmoqda», - dedi suhbatdosh.


Bo‘limdan qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda ishga ikki avtomobil haydovchilari jalb qilingan. «Yozuvlardan biz o‘sha kuni o‘tgan avtomobillarni aniqlayapmiz va ular haqidagi ma’lumotlarni Andijon, Farg‘ona va boshqa hududlarga yuborayapmiz», - dedi Pop tuman IIB vakili.


O‘zbekiston IIV hodisa guvohlaridan tuman ichki ishlar organlari bo‘limlariga murojaat etish yoki 102 raqami orqali qo‘ng‘iroq qilishni so‘ramoqda.