O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida o‘tkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zA Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

15−17 oktyabr kunlari o‘tkazilgan musobaqada 34 davlatdan 123 ta jamoa qatnashdi.

«Kembriya patruli» musobaqasi 40 yildan buyon Uelsda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinadi. Ushbu tanlov dunyo harbiy xizmatchilari ichida o‘tkaziladigan eng murakkab va nufuzli musobaqalardan biri hisoblanib, uni maxsus bo‘linmalarga saralash jarayoni bilan ham taqqoslashadi. Bunda asosiy e’tibor harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga qaratilgan.
Ishtirokchilar Kembriya tog‘larida to‘liq jangovar qurollangan holda hech qanday navigatsiya vositalarisiz kamida 25 kilogramm yuk bilan 70 kilometr masofani 1500 metr balandlikka ko‘tarilib, 1000 metr tik nishablikni 48 soat ichida bosib o‘tishlari lozim.

2017 yilda mazkur musobaqada 29 mamlakatdan 139 ta jamoa qatnashgan edi. Unda birinchi marta ishtirok etgan mamlakatimiz Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Ikkinchi o‘rin Buyuk Britaniya, Hindiston va Fransiya jamoalariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Buyuk Britaniya va Qozog‘istondan kelgan jamoalar egalladi.

Nufuzli musobaqada g‘olib bo‘lgan hamyurtlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyida g‘oliblarni sharaflashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Pavel Ergashev, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy mamlakat elchixonalarining harbiy attashelari, g‘olib jamoa va ularning yaqinlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida «Kembriya patruli» tanlovining g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov g‘olib jamoa a’zolarini qutladi va o‘tgan yillarga nisbatan vazirlik qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari ham sifat, ham son bo‘yicha ko‘paygani evaziga mana shunday yutuqlarga erishilayotganini ta’kidladi.