O‘zbekistonda Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qator jarimalar oshirildi. Mamlakat prezidenti 22 oktyabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Haydovchi tomonidan transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalanganlik uchun jarima eng kam ish haqining 2 barobaridan 3 barobarigacha, qoidabuzarlik yil davomida takror sodir etilganida — EKIHning 3 barobaridan 4 barobarigacha oshirildi (so‘ngisida 6 oygacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish chorasi qo‘llanilishi mumkin).

Haydovchi belgilangan tezlikni 40 km/s dan ortiqroqqa oshirsa, jarima miqdori EKIHning 9 barobari (bunga qadar — 7) miqdorida jarimaga tortiladi.

Haydovchi tezlikni jarima qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida 20 km/s dan, biroq 40 km/s dan kamroqqa oshirsa yoki ikki karra jarimaga tortilganidan so‘ng yil davomida 20 km/s dan ortiqroqqa tezlikni oshirsa, EKIHning 15 barobari (avval — 10) miqdoridagi jarimaga yoki 1 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi.

Jarima qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida tezlikni 40 km/s dan ortiqroqqa oshirish yoki ikki karra jarima qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida tezlikni 20 km/s dan ortiq, biroq 40 km/s dan pastroqqa oshirish yoxud uch karra jarima qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida tezlikni 20 km/s dan pastroqqa oshirish endilikda EKIHning 25 barobari miqdoridagi jarimaga hamda 2 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishiga olib keladi (avval — faqat 2 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilar edi).

Transport vositasini alkogol, narkotik yoki boshqa mast qiluvchi vositalar ta’sirida boshqarish bundan keyin transport vositasini 1,5 yildan 3 yilgacha boshqarish huquqidan mahrum etish hamda EKIHning 25 barobari miqdoridagi jarimaga sabab bo‘ladi.

Xuddi shu qoidabuzarliklar transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan sodir etilsa, EKIHning 40 barobari (avval — 30) yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanadi.

Transport vositasini alkogol, narkotik va boshqa mast qiluvchi vositalar ta’siridagi shaxslarga boshqarish uchun berish EKIHning 25 barobari (avval — 25) miqdoridagi jarima va transport vositasini 2 yildan 3 yilgacha boshqarish huquqidan mahrum etishga olib keladi.

Haydovchining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki katta miqdordagi moddiy zarar yetkazsa, EKIHning 5 dan 7 barobarigacha (avval — 3 dan 5 gacha) miqdoridagi jarima yoki transport vositasini 1 yildan 3 yilgacha muddatga boshqarish huquqidan mahrum etish chorasi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Haydovchining YTHni buzishi transport vositalari, yo‘l harakatini boshqarish vositalari yoki boshqa mol-mulklarga zarar yetkazsa va bunda zarar miqdori katta bo‘lmasa, EKIHning 2−4 barobari (avval — 1−2) yoki transport vositasini 6 oydan 1 yilgacha muddatga boshqarish huquqidan mahrum etish chorasi qo‘llanilishiga olib keladi.

Transport vositalarini tegishli hujjatlarsiz boshqarganlik uchun jarima EKIHning 1 barobarigacha (avval — 0,5) etib belgilandi.

Transport vositasini ushbu vositani boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar boshqarsa hamda transport vositasi boshqaruvi transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga bersa, jarima miqdori EKIHning 5 barobarini tashkil etadi (avval — 3 edi).

Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning mashina haydashi EKIHning 10 barobari miqdorida (5 edi) jarimaga sabab bo‘ladi.

Haydovchilarning alkogol, narkotik yoki boshqa mast qiluvchi vositalar ta’sirida ekanini tekshiruvdan o‘tkazishdan bosh tortishi transport vositasini boshqarish huquqidan 1,5 dan 3 yilgacha muddatga mahrum etish hamda EKIHning 15 barobari miqdorida jarimaga tortilishiga olib keladi.