18 oktyabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani «Keng kichik» mahallasida istiqomat qilib kelgan 2 nafar fuqaro (er-xotin) is gazidan zaharlanib, hayotdan bevaqt ko‘z yumdi, deya xabar qildi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.


Ushbu fojiaga xonadon yerto‘lasiga o‘rnatilgan qo‘lbola (sertifikatlanmagan) suv isitish anjomi sabab bo‘lgan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, gazda ishlovchi suv isitish anjomiga dudburon o‘rnatilmagani hamda yerto‘lada havo almashish tuynugi bo‘lmagani oqibatida, tabiiy gaz chala yongan va is gazi hosil bo‘lgan. Yerto‘lada to‘plangan is gazi yotoqxonaga sizib chiqqan va xonadon egalarining halokatli zaharlanishiga olib kelgan.


FVV fuqarolarni kirib kelayotgan isitish mavsumida gaz va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga amal qilishga chaqirdi. «Qo‘lbola va sertifikatlanmagan isitish anjomlaridan foydalanmang. Is gazidan zaharlanishdan o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang», - deyiladi xabarda.