Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz"da xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlarning faol ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan «INNOWEEK» innovatsion g‘oyalar haftaligi boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«INNOWEEK» — mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish, yangi biznes munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, potensial sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Mazkur xalqaro forumda joriy yilda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida, hududlarda joriy etilgan innovatsiyalar va kelajakdagi aniq istiqbollari, 2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi mohiyatini ommaga yetkazish va O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tadi.

Innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida keyingi kunlar ijtimoiy, moliya-bank, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyotning real sektori hamda davlat boshqaruvidagi innovatsiyalar hamda shartnoma asosida xarid qilish orqali tijoratlashtiriladigan ishlanmalarning namoyishi bo‘yicha konferensiya o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.