Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov federatsiyaning yangi mashg‘ulot majmuasida yakunlangan ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida joylashgan ushbu yangi majmua yaqin 10 kun ichida tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini ochadi. Ta’mirlash ishlari homiylik mablag‘lari asosida amalga oshirildi.

Majmua O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda sportni ommalashtirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmasiga asosan bunyod etilgan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti shu yilning 20 sentyabrida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan va unda mamlakat rahbari tomonidan sportni rivojlantirish, ommalashtirish bo‘yicha bir qator muhim ko‘rsatmalar belgilab berilgandi.