O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

AQSH savdo vazirining O‘zbekistonga ilk tashrifi tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar doirasida munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor va ularning bu boradagi intilishi mushtarak ekanidan dalolat beradi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, AQSH yetakchi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va tajribasini jalb etgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida ta’kidladi.

AQSHning jahonga mashhur sanoat xoldinglari, moliya-investitsiya korporatsiyalari va banklari rahbarlari va vakillari ishtirokida o‘tgan O‘zbekistonda AQSH biznesi haftaligi tadbirlarining samarali natijalari chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport sohalarida aniq loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarishda amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston bozorida Amerika kompaniyalarining faoliyatini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashildi.

AQSH savdo vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uilbur Ross, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp geosiyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha masalalarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuqori darajada ishonishini ta’kidladi. Donald Tramp davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

Uilbur Ross mamlakatda amalga oshirilayotgan hamda AQSH biznesida katta qiziqish uyg‘otayotgan, uning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan islohotlar sur’ati va miqyosini yuqori baholadi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirildi.