O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga va jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksiga giyovandlik vositalari analoglari degan tushuncha kiritildi.

Unga ko‘ra, giyovandlik vositalarining analoglari — kimyoviy tuzilishi va xossalariga ko‘ra giyohvandlik vositalariga o‘xshash bo‘lgan, ular singari ruhiyatga faol ta’sir etadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalardir.

Qonunchilikka muvofiq giyovandlik vositalari noqonuniy muomalasiga doir jinoyatlarni ta’qib qilishda 2015 yil 12 noyabrdagi 330-sonli Qaror bilan tasdiqlangan I, II i III ro‘yxatlardan foydalanib kelinmoqda.

Biroq, Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yildan 2018 yilning 7 oyi davomida respublika hududida muomalada bo‘lishi taqiqlangan yoki cheklangan giyovandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilmagan sintetik kannabinoidlarning 8 ta yangi turi aniqlangan.

Bu esa o‘z navbatida ushbu vositalarni tarqatgan shaxslarni javobgarlikka tortishga to‘sqinlik qilib kelayotgan edi.

Endilikda Jinoyat kodeksi bilan giyovandlik vositalari va prekursorlar bilan bir qatorda giyovandlik vositalarining analoglari bilan bog‘liq jinoyatlar ham ta’qib qilinadi.