O‘zbekiston va AQSH kompaniyalari seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan har yillik biznes-forumda 2,5 mlrd dollarlik 13 ta bitimni imzoladi. Bu haqda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi rahbari Kerolin Lemm ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yilda mamlakatlar o‘rtasida jami 9,35 mlrd dollarlik bitimlar imzolandi. Tadbir O‘zbekistonda Amerika biznesi haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Biz senator Safoyevdan (Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev — tahr.) O‘zbekiston Rossiya bilan (Vladimir Putinning yaqinda amalga oshirgan tashrifi vaqtida — tahr.) 27 mlrd dollarlik bitimlar imzolanganini eshitdik. Biz bundan ortda qolishga qolishga imkon bera olmaymiz, qilishimiz lozim bo‘lgan narsalar bor. Biz savdo investitsiyalari darajasini oshirish uchun ko‘proq bitimlarni imzolashni rejalashtirmoqdamiz, chunki bizning memorandumlar, bular — faqatgina boshlanishi», — dedi u.

Air Products va «O‘zbekneftgaz» kompaniyalari gazni qayta ishlash, jumladan sanoat gazini ishlab chiqarish sohasida 2 mlrd dollarlik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Silver Leaf va BMP Trade Jizzax viloyatida 31 ming gektar maydonda (Do‘stlik tumanida 12 ming ga, Paxtakor tumanida 8000 ga, Mirzacho‘l tumanida 7000 ga va Arnasoy tumanida 4000 ga) 350 mln dollarlik to‘qimachilik klasterlarini tashkil etishga kelishdi.

Coca-Cola va «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyalari Coca-Cola Uzbekistan QKdagi davlat ulushini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va oshirish uchun xorijiy investorga sotish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

John Deer va «O‘zagrosanoatxolding» kompaniyalari 500 dona traktor yetkazib berilganidan so‘ng Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikalari zavodi bazasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Shuningdek, John Deer Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikalari zavodi bilan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va traktorlarni yetkazib berish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

Imperial Jewerly va O‘zbekiston zargarlik sanoati uyushmasi Toshkentdagi «Zargarlik» zavodi bazasida zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha QK tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Caterpillar kompaniyasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati 10 dona karer samosvalini yetkazib berish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.

CETS va Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston hududida yuqori sifatli kartoshka urug‘larini ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi.

Amerikaning United Investment Healthcare Group kompaniyasi kelishuv imzolanganidan so‘ng davlat-xususiy sheriklik asosida «Dori-Darmon» kompaniyasi dorixonalari ishonchli boshqaruvini oldi.

US Inc. va Farm Agency turli kasalliklarni aniqlash uchun tashxis test-tizimlarining keng spektrini ishlab chiqarishga kelishdi.

Crane Currency va «Davlat belgisi» davlat birlashmasi banknotlar ishlab chiqarishda hamkorlik qiladi. Amerika tomoni maxsus mikrooptik ip va kimyoviy materiallarni yetkazib beradi.

Bundan tashqari, Amerikaning Macro-Advisory kompaniyasi va Davlat investitsiya qo‘mitasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amerika investitsiyalarini jalb etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi.