Rossiyalik tadbirkor, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov Mail.Ru Group`dagi ulushini xolding bosh direktori Boris Dobrodeyev boshqaruviga topshirdi. Bu u kompaniya ustidan nazoratni yo‘qotganini anglatadi, deya xabar qildi BBC rus xizmati.

Hozirga qadar USM «TF Texnologii» aksionerlik jamiyati orqali Mail.Ru Group`ni nazorat qilib kelayotgan edi.

22 oktyabr kuni Boris Dobrodeyev Mail.Ru Group direktorlar kengashi tarkibiga kirdi hamda UMS va «Megafon"ga tegishli «MF Texnologii» aksiyalariga biriktirilgan ovoz berish huquqini qo‘lga kiritdi.

Boris Dobrodeyev bilan birgalikda Mail.Ru Group direktorlari tarkibiga uning birinchi o‘rinbosari Dmitriy Sergeyev, «Gazprombank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Alan Vaksman va «Gazprombank» vitse-prezidenti Sergey Mednov ham joy oldi. Ular Sergey Soldatnikov, Ivan Streshinskiy, Anna Serebryanikova va Vlad Volfson o‘rnini egalladi. Mail.Ru Group direktorlar kengashi raisi Dmitriy Grishin lavozimida qoldi.

Alisher Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, u nazoratni topshirishga bir necha yil tayyorgarlik ko‘rdi va boshqaruvdan «yengil qalb» bilan ketdi. Mail.Ru Group vakilining aniqlik kiritishicha, tadbirkorning qarori uni tark etishini anglatadi. Alisher Usmonov tuzilmalari endilikda Mail.Ru Group`ni boshqarmaydi.

Mail.Ru Group shu nomdagi pochta xizmati, «VKontakte» va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlari, ICQ, Agent Mail.Ru va TamTam messenjerlari hamda Warface, Skyforge va Perfect World onlayn-o‘yinlariga egalik qiladi.