«O‘zikkilamchiranglimetall» AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi SFI Management Group ishonchli boshqaruviga topshirildi. Korxona matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 16 sentyabrda shu haqdagi qarorni qabul qildi.

Qaror korporativ menejmentning ilg‘or usullarini joriy etish hisobiga «O‘zikkilamchiranglimetall» boshqaruv tizimini takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish maqsadlarida qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Hukumatning 15 oktyabrdagi qarori bilan korxonaning 2011 yildan buyon boshqarib kelayotgan «O‘zikkilamchiranglimetall» bosh direktori Farhod Abdullayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilindi. Konstanin Akulov yangi bosh direktor bo‘ldi.

«O‘zikkilamchiranglimetall» rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash, rangli metall quymalari va xalq iste’moli mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Markaziy Osiyodagi yagona korxona hisoblanadi. Korxona butun mamlakat bo‘ylab tayyorlov tashkilotlari tarmog‘iga ega.

SFI Management Group 2017 yil yanvarida tashkil etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsion jarayonlarni boshqarishning zamonaviy xalqaro standartlarini joriy etishga ixtisoslashgan.

Avvalroq 2017 yilda SFI Management Group UMS Holding rahbari Alisher Usmonov bilan hamkorlikda O‘zbekiston metallurgiya kombinati («O‘zmetkombinat») ishonchli boshqaruvini qo‘lga kiritgani haqida xabar qilingan edi. Ayni paytda kompaniya Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati va Toshkent metallurgiya zavodini ham boshqarmoqda. Bundan tashqari, SFI Management Group «Paxtakor» futbol klubining asosiy egasi hisoblanib, O‘zbekistondagi boshqa loyihalarni ham amalga oshirmoqda.