22 oktyabr kuni Jahon bankining O‘zbekistonda «Shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarini takomillashtirish» loyihasi ish boshladi. JB Ijrochi direktorlar kengashi aprelda 100 mln AQSH dollari miqdoridagi loyihani tasdiqlagan edi, deya xabar qildi moliya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi «Gazeta.uz"ga.

O‘zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaxshilash loyihasi amalga oshirilishi natijasida tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan, zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan va faoliyati muvofiqlashtirilgan tibbiyot xodimlari baxtsiz hodisalarda shikastlanganlarga, shuningdek shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan millionlab insonlarga malakali yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekistondagi mavjud shoshilinch tibbiy yordam tizimi butun respublika tuman va viloyatlarida ixtisoslashgan shoshilinch tibbiy yordam brigadalari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun integratsiyalashgan va kompyuterlashtirilgan dispecherlik xizmatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli chaqiriqlar yuzasidan zudlik bilan harakat qilish bo‘yicha yetarlicha samaradorlikka ega emas, deyiladi xabarda.

Shifoxona yotqizishni talab qiluvchi bemorlar tomonidan chaqiruvlar soni ortmoqda — 2017 yilda mamlakat bo‘ylab 103 raqamiga 15,6 million kirish qo‘ng‘iroqlari amalga oshirilgan bo‘lib, ular bo‘yicha 8,7 million kishiga manzilga borib xizmat ko‘rsatilgan. 87 foiz holatda bemorga tibbiy yordam uyda ko‘rsatilgan, 12 foiz holatda esa ularni shifoxonaga yotqizish talab qilingan, 1 foizda chaqiruvlar yolg‘on bo‘lib chiqqan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda har 18,3 ming odamga bir dona tez tibbiy yordam mashinasi to‘g‘ri keladi. Milliy me’yorlar ushbu ko‘rsatkich 13 ming odamga bir dona tibbiy yordam mashinasi bo‘lishi kerakligini talab etadi. Bundan tashqari, hozirda mavjud bo‘lgan tez tibbiy yordam mashinalari parkining aksar qismi birlamchi shoshilinch tibbiy yordamni ko‘rsatish talablariga to‘liq javob bermaydi. Ularda bemorni kasalxonaga yetkazgunga qadar hayotini saqlab borishda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tibbiy yordam jihozlarini saqlash uchun joy yetarli emas.

Amaldagi shoshilinch tibbiy yordam tizimida xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimi tibbiy jihozlar, dori-darmonlar va boshqa materiallardan foydalanishda imkoniyatlari cheklangan. Yo‘l-transport hodisalari natijasidagi jarohatlarni, yurak qon-tomir kasalliklari hurujini va shoshilinch tibbiy muolajaga muhtoj shaxslar holatlarini tashhislash hamda davolash bo‘yicha shifokorlarning ko‘nikma va qobiliyatlarini oshirish kerak.

Shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaxshilashga qaratilgan loyihaning asosiy benefitsiarlari turli baxtsiz hodisada shikastlanganlar, shoshilinch tibbiy yordamga muhtojlar, shuningdek akusherlik yordami zarur bo‘lgan insonlar bo‘ladi. Butun mamlakat bo‘ylab joylashgan kasalxonalar shoshilinch tibbiy yordam zarurati holatlarida samarali ravishda javob berishi uchun salohiyatlarini oshirish bo‘yicha ko‘mak oladilar.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning barcha 12 viloyatida, shuningdek poytaxtda integratsiyalashgan dispetcher markazlari tashkil etilib, ular qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, shoshilinch tibbiy yordam mashinalari harakatini muvofiqlashtirish va ularning faoliyatini nazorat qilish uchun javob beradi.

Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatga ko‘proq xodimlarni jalb qilish maqsadida shoshilinch tibbiy yordam sohasidagi vrachlar va hamshiralarning boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quvlari loyiha doirasida moliyalashtiriladi. Bundan tashqari, 60ta zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari xarid qilinadi va respublika shifoxonalariga taqsimlanadi, shuningdek shoshilinch tibbiy yordamga, shoshilinch akusherlik va neonatal yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiy uskuna va jihozlar ham sotib olinadi.

Jahon bankining O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash bo‘yicha loyihalari rahbari Elvira Anadonuning qayd etishicha, loyiha yordamida yaxshilangan shoshilinch tibbiy yordam tizimi yiliga 6 mln ga yaqin bemorlarga malakali yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.