14 oktyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hududlarda paxta yig‘im-terimi masalalari bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi. Unda hukumat rahbari faoliyatidagi kamchiliklar sababli hududlardagi bir qator rahbarlarni tanqid qilib, 10 nafar hokimga ishdan bo‘shash to‘g‘risida taqdimnoma kiritishni topshirgan edi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi. Yig‘ilishda bosh prokuror Otabek Murodov hamda prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi

Yig‘ilish bo‘lib o‘tganidan bir hafta ichida sakkiz nafar tuman va shahar hokimi ishdan bo‘shatildi. Jumladan, Farg‘ona hokimi Shavkat Erkaboyev va Farg‘ona tumani hokimi Sodiqjon Imomaliyev lavozimidan chetlatildi.

2017 yil sentyabridan Xorazm viloyati Urganch tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Bekchonov vazifasidan ozod qilindi. Uning o‘rniga hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibligi mudiri Frunze Ilhomovich Sharipov vaqticha bajaruvchi etib tayinlandi.

Sirdaryo viloyati Guliston tumaniga 2012 yildan buyon «O‘zagrokimyohimoya» kompaniyasining Sirdaryo viloyati bo‘yicha rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Shavkat Alibekovich G‘afurov Abdumavlon Ibodullayev o‘rniga tayinlandi.

Toshkent viloyati Angren shahriga Hakimjon Abdulazizov o‘rniga bunga qadar «Markazgazta’minot» unitar korxonasi Samarqand bo‘limi direktori, ungacha — «O‘ztransgaz» rahbari bo‘lib ishlagan Shukurulla Nasimxonov Mahmudov hokim bo‘ldi.

Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov paxta terimi bo‘yicha rejadan ortda qolinayotgani uchun og‘zaki hayfsan oldi.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumaniga avval Davlat texnik mehnat inspeksiyasi viloyat bo‘limini boshqargan Nazirjon Aliyevich O‘rinboyev hokim etib tayinlandi. 2016 yil dekabridan buyon tumanga Baxtimurod Karimov boshchilik qilib kelayotgan edi.

Aburashid Yuldashev Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hokimi lavozimini tark etdi. Hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jalolitdin Jamolovich Oqboyev hokim vazifasini vaqtincha boshqaruvchi bo‘ldi.

Shahrisabz tumanini 2017 yil iyunidan boshqarib kelayotgan Xolbobo Bozorov ham lavozimidan chetlatildi. Qashqadaryo viloyati Iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Ibrohimovich Omonov yangi hokim bo‘ldi, deya xabar qildi viloyat hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.