21 oktyabr kuni Toshkentning Uchtepa tumani Izza dahasida joylashgan POWER AUTO GAS MCHJga qarashli avtomashinalarga gaz quyish shoxobchasida VAZ 2106 rusumli avtomobilning gaz balloni portladi.

Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashining deputati Nuriddin Zayniddinov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, portlash natijasida avtomashina orqa qismi va kuzov detallari bo‘laklarga bo‘linib ketgan. Mashina gaz balloni gaz quyish shoxobchasi tashqarisidagi yo‘l bo‘yida o‘rta qismidan tik holatda yorilgan holatda topilgan.

Deputat xabariga ko‘ra, surxondaryolik Sh. M. boshqaruvidagi avtomobil Toshkent viloyati Zangiota tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan, 80 litr hajmdagi metan gaz uskunasi o‘rnatilgan va shu yilning yil aprel oyida texnik ko‘rikdan o‘tgan.

Bundan tashqari, hodisa sodir bo‘lgan joyda Uchtepa tumani, 31-mavzeda istiqomat qiluvchi voyaga yetmagan Uchtepa tumani, 296-o‘rta maktabning 9-sinf o‘quvchisi 2005 yil tug‘ilgan B.B. «o‘ng oyoq son tepa qismi urilib shilingan yarasi» jarohati olgani aniqlangan, voqea joyida birinchi yordam ko‘rsatilgan, kasalxonaga murojaat qilmagan.

Hodisa joyida tegishli xizmatlar surishtiruv ishlari olib bormoqda. Shuningdek, Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashining O‘zLiDePdan deputatlari ham voqea joyiga chiqib, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirgan, tegishli xizmatlardan tezkor ma’lumotlar olingan.