Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tashrif asnosida jami 20 ta hujjat imzolandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Prezidentlar «O‘zekspomarkaz"dagi «O‘zbekiston — Rossiya» birinchi hududlararo hamkorlik forumiga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ramziy tugmani bosib, mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining boshlanishiga start berdi.

Davlat rahbarlari norasmiy uchrashuv ham o‘tkazdi.

Prezident Vladimir Putin Rossiyaga jo‘nab ketdi. Uni Prezident Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.