Yakshanba kuni Toshkentning Sergeli tumanida mahalliy avtobozorda to‘pponchadan havoga o‘q uzgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Sergeli IIB faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga taxminan 12:00 da qo‘lida bozorda to‘pponchasi bo‘lgan erkak yurgani haqidagi xabar kelib tushadi.

Yetib kelgan IIBB va Milliy gvardiya xodimlari Yunusobod tumanida yashovchi 39 yoshli N.A.ni qo‘lga oldi. Uning qo‘lidagi Makarov pnevmatik to‘pponcha va kukri pichog‘i olib qo‘yildi.

Tuman IIBga olib kelingan shaxs bozorga qarindoshlariga tegishli bo‘lgan Matiz va Epica mashinalarini sotish uchun kelganini ma’lum qildi. U faqat havoga o‘q uzgani va kimgadir zarar yetkazish maqsadi yo‘qligini aytdi. Hodisa natijasida hech kim zarar ko‘rmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, erkak psixonevrologik dispanserda hisobda turadi. U davolash muassasasiga joylashtirilgan.