Yaponiya do‘konlaridan birida 800 ming iyena o‘g‘irlaganlikda gumon qilinib, hibsga olingan O‘zbekiston fuqarosi ozod qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati xabar qildi.

U 26 sentyabr kuni ta’lim olish maqsadida Yaponiyaga ketgan. 4 oktyabrda ushbu fuqaroning onasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga yordam olish maqsadida murojaat qildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Izboskan tuman Kengashi va «Taraqqiyot» mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda Yaponiyadagi uning ishini yengillashtirish uchun tavsiyanomalar yo‘llandi.

Shu hodisadan xabar topgan O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi konsuli — Erkin Tohirov, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Yaponiyadagi vakili — Jo‘rabek Xasanov va Yaponiyadagi O‘zbekiston yoshlari assotsiatsiyasi ishchi guruhi vatandoshimiz holidan xabar olib, voqea tafsilotlari bilan qiziqdi va muammoni atroflicha o‘rganib chiqdi. Advokat bilan hamkorlikda O‘zbekiston fuqarosining aybsizligini isbotlovchi kerakli hujjatlarni tayyorlashda yordam berdi.

17 oktyabr kuni ushlab turilgan vatandoshning aybini isbotlovchi dalillar yetarli emasligi sababli u javobgarlikdan ozod qilindi.