16 noyabrdan O‘zbekistonda benzin, gaz va elektr energiyasi narxlarini oshirish taklif etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika resurslari narx va tariflarining o‘zgarishi to‘g‘risidagi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hujjat bilan 2018−2019 yillarda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda elektr energiyasi narx va tariflariga o‘zgartishlar kiritish jadvali tasdiqlandi.

16 noyabrdan avtobenzin va dizel yonilg‘isi chakana narxlari iste’mol solig‘ini hisobga olgan holda quyidagichani tashkil etishi mumkin:

  • Ai80 markali avtobenzin — 4000 so‘m/litr;
  • Ai91 markali avtobenzin — 4500 so‘m/litr;
  • dizel yoqilg‘isi — 4800 so‘m/litr;
  • EKO markali dizel yoqilg‘isi — 4900 so‘m/litr.

Qonunchilik bilan belgilab beriluvchi ayrim shaxslar toifalari uchun avtobenzinni xarid qilish xarajatlari qismiga 66,7 ming so‘m miqdoridagi har oylik badal puli to‘lovlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek:

tabiiy gaz tarifi (QQS hisobga olingan holda, 1 kub metriga)

— hisoblash uskunalari bo‘lganida aholining kommunal maishiy ehtiyojlari uchun:

  • 2018 yilning 16 noyabridan — 320 so‘m;
  • 2019 yilning 1 iyunidan- 350 so‘m;
  • hozirda — 289,74 so‘m;

— hisoblash uskunalari bo‘lmagan holda aholining kommunal maishiy ehtiyojlari uchun:

ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun:

  • 2018 yilning 16 noyabridan — 553 so‘m;
  • 2019 yilning 1 iyunidan — 605 so‘m;
  • hozirda — 501,06 so‘m;

isitish uchun:

  • 2018 yilning 16 noyabridan — 320 so‘m;
  • 2019 yilning 1 iyunidan — 350 so‘m;
  • hozirda — 232,37 so‘m;

suyultirilgan gaz:

  • 2018 yilning 16 noyabridan — 950 so‘m;
  • 2019 yilning 1 iyunidan — 1200 so‘m;
  • hozirda — 800 so‘m.

Elektr energiyasi narxi (QQS hisobga olingan holda, 1 kVt soati uchun)

I va II guruhdagi iste’molchilar uchun:

  • 2018 yil 16 noyabrdan — 331 so‘m;
  • 2019 yil 1 iyundan — 370 so‘m;
  • hozirda — 228,60 so‘m;

elektr plitalar o‘rnatilgan aholi turar-joylarida:

  • 2018 yil 16 noyabrdan -250 so‘m;
  • 2019 yil 1 iyundan — 280 so‘m;
  • hozirda — 114,30 so‘m.

Bundan tashqari, 2019 yil 1 yanvaridan eksperiment tariqasida Toshkentning Yunusobod tumanida tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’molining bazaviy normasini belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, bir abonentga bir oyda 300 kVt·soat elektr energiyasi hamda bir abonentga xususiy uyda isitish mavsumi davomida 1000 kubometr, boshqa holatlarda bir abonentga oyiga 250 kubometrdan tabiiy gaz iste’moli bazaviy normasi belgilanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, bazaviy normadan ortiq ishlatilgan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun belgilangan tarifga 1,2 barobarlik oshirilgan koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Eksperiment 2019 yilning 1 iyuliga qadar davom etadi, so‘ngra amalda qo‘llanilgan bazaviy normalar natijalari asosida bazaviy normalarni kelgusida qo‘llash bo‘yicha aniq takliflar joriy etiladi.

Qaror loyihasi muhokamasi 3 noyabrga qadar davom etadi.