Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti rektori Sergey Bakulev uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dilmurod Nabiyev chet ellik mehmon bilan sport sohasi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qishki sport turlari, sport menejmenti, psixologiyasi bo‘yicha trenerlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qildi. Unga ko‘ra, bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma diplom beriladigan fakultet va O‘zbekistonda P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universitetining filialini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, turli sport turlari bo‘yicha yetakchi trenerlar hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetining professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Uchrashuv yakunida Sergey Yevgenevich Bakulevga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Ilmiy Kengashi qarori asosida «Faxriy professor» unvoni berildi.

Kun davomi Rossiyalik mehmon poytaxtdagi bir qator sport inshootlari va ta’lim muassasalari faoliyati, yurtimizda sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.