So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan homiladorlarga perinatal yordam ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida olib borilgan ishlar va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan respublikadagi tug‘ruq muassasalari rahbarlaridan 31 nafari lavozimidan ozod etilgan va intizomiy choralar qo‘llanilgan. Bu haqda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov vazirlik matbuot xizmatiga ma’lum qildi.

Shuningdek, 2017 yilda ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha nufuzli muassasalarning 33 nafar yetakchi olimi joylarda tibbiy xizmat sifati hamda kasb madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashish maqsadida hududlarga rahbarlik lavozimiga tayinlandi.

Soha muassasalari holatini tizimli o‘rganish va muammolarni bartaraf etishni yo‘lga qo‘yish, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida ijobiy ma’naviy muhitni shakllantirish, tibbiy va xo‘jalik xizmati xodimlarini o‘rnatilgan mehnat tartibiga amalga qilishga erishish, statsionar xizmat sifatini oshirish, tibbiyot maskanlarida ta’magirlik va poraxo‘rlik holatlarining oldini olish, tug‘ruq komplekslaridagi bemorlar orasida so‘rovnoma o‘tkazishni tiklash maqsadida monitoring o‘tkazish uchun ishchi guruhlar tashkil etildi. Ushbu ishchi guruhlar 15 oktyabrdan Toshkentda faoliyat yuritayotgan tug‘ruq muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy hamda Respublika perinatal markazlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinik tug‘ruq hamda 3-klinikasi ginekologiya bo‘limlari faoliyatini o‘rganmoqda.

27 oktyabrga qadar davom etadigan monitoring natijalari chuqur o‘rganilib, tahlil etiladi hamda mavjud kamchiliklar bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar belgilab olinadi.