O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma bayonotni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida imzolangan 2019−2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019−2021 yillarda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik dasturi, «Suffa» xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish bo‘yicha yo‘l xaritasi, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va faoliyatini ta’minlash to‘g‘risidagi bitim, To‘qimachilik sanoatida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘zaro almashildi.

«Mustaqillikning 25 yilligi» konini qo‘shimcha razvedka qilish va jihozlash hamda Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasini qurish bo‘yicha «O‘zbekiston mustaqilligi» investitsiya blokiga doir qo‘shimcha bitim, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish to‘g‘risida bitim, Fanlararo ilmiy ta’lim markazini tashkil etish to‘g‘risida bitim, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi va «Rossiya rektorlar kengashi» jamoat tashkiloti o‘rtasida bitim, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qo‘shinlari Federal xizmati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Tashrif asnosida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda prezidentlar tor va keng doiradagi muzokaralar har doimgidek o‘zaro ishonch va ochiqlik muhitida, konstruktiv ruhda o‘tganini ta’kidladi.

Hamkorlikning hozirgi holati va uni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mamlakatlarimizning dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarga doir yondashuvlari mos yoki yaqin ekani tasdiqlandi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.

Bugungi kunda Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirgan investitsiyalari hajmi 8,5 milliard dollardan oshadi. Tashrif doirasida birinchi bor o‘tkazilgan «O‘zbekiston-Rossiya» hududlararo forumi bu borada katta ahamiyat kasb etdi. Uning yakunida qiymati 2 milliard dollardan ziyod loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Tomonlar BMT, MDH, SHHT, YeXHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladilar.

Prezidentlar xavfsizlik sohasida o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslangan sheriklik munosabatlarini kengaytirish Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish vazifalarini birgalikda hal etishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Terrorizm, ekstremizm, ayniqsa, yoshlar orasida radikallashuvga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar Afg‘onistonda tinchlikni afg‘onlarning o‘zi, afg‘onlar rahbarligida o‘rnatishi zarurligiga ishonch bildirdi. Rossiya O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish borasidagi muhim sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlik rivojida ijobiy tendensiyalar kuzatilayotganini ta’kidladi.

Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Joriy o‘quv yilidan Olmaliq shahrida Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiali ish boshladi. O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan Moskva davlat universiteti, Rossiya iqtisodiy akademiyasi, Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallariga qo‘shimcha ravishda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, «MMFI» milliy tadqiqot yadro universiteti, Rossiya davlat kinematografiya instituti, Moskva energetika instituti, Rossiya kimyo-texnologiya universiteti filiallarini ochish rejalashtirilgan.

Fan sohasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, jumladan, Jizzax viloyatidagi Suffa platosida yirik radioteleskop tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida mamlakatimizda O‘zbekiston-Rossiya yoshlari forumi to‘rtinchi bor o‘tkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev yana bir muhim masalaga to‘xtaldi. 2020 yilda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash maqsadida O‘zbekistonda maxsus dastur ishlab chiqish va Toshkentda «G‘alaba» bog‘-majmuasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu maskan fashizmga qarshi kurashimiz ramzi bo‘ladi, yosh avlodni tarixga hurmat, vatanparvarlik va xalqlar do‘stligi ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Tomonlar Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi mamlakatlar o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.