Joriy yilning 19 oktyabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda sud ijro hujjatlari asosida soliq qarzini qisqartirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar berdi.

Tadbir prezidentning 2018 yil 17 apreldagi iqtisodiyot tarmoqlarda hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, debitor-kreditorlik, shu jumladan, byudjet oldidagi qarzlarni qisqartirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan majlis bayoni orqali berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Unda Davlat soliq qo‘mitasining ma’muriy binosidagi markaziy studiyasida qo‘mitaning tarkibiy tuzilmalari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati, hududlardagi studiyalarda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tuman (shahar) Majburiy ijro byurosi boshqarmalari boshliqlari, davlat ijrochilari, viloyat davlat soliq boshqarmalari va inspeksiya xodimlaridan iborat 1300 dan ziyod mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.

Hozirda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Davlat soliq qo‘mitasining 2018 yil 18 maydagi hamkorlikdagi qo‘shma buyrug‘i asosida qarzdorlarning mol-mulklarini xatlash va soliq qarzini undirish tadbirlariga 1121 nafar xodim jalb etilgan.

Buning natijasida joriy yilning 9 oyi davomida 2,0 trln. so‘m soliq qarziga ega 41,6 mingta ob’ektda xatlov tadbiri o‘tkazilib, 195,8 mingta holatda 1 trln. 583,7 mlrd. so‘m mablag‘ undirildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga (54,7 mingta holatda 454,3 mlrd. so‘m edi) nisbatan 141,1 mingta holatda 1 trln. 129,5 mlrd. so‘mga ko‘p mablag‘ undirilganidan dalolatdir.

Shu bilan birga, 20,2 mingta qarzdorning 458,9 mlrd. so‘m qiymatidagi mol-mulklari, shundan 1450 ta bino va inshoot, 1819 ta transport vositalari va 16 966 ta boshqa turdagi mulklar xatlandi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzdorligining ortib borishiga yo‘l qo‘ymaslik, soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarni ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qo‘yish emas, aksincha mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandir.

Videoselektor yig‘ilishida hamkorlikdagi ishlarni tashkil etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan va ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Toshkent, Qashqadaryo, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari boshqarmalari va tuman davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga nisbatan keskin e’tirozlar bildirilib, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.