Ko‘ksaroyda 19 oktyabr kuni Rossiya prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Prezident oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari keyingi ikki yilda yanada mustahkamlanganini ta’kidladi. Davlat rahbari Moskva shahrida birinchi prezdent Islom Karimovga haykal o‘rnatilgani va tantanali ochilgani uchun O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Rossiya O‘zbekistonning strategik sherigi. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda.

Keyingi bir yilning o‘zida yuqori darajada saksondan ortiq tashriflar tashkil etildi. Hududlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Bugun Toshkentda Hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya hududlari, jamoatchiligi va biznesining mingdan ortiq vakili ishtirok etmoqda.

Joriy yil boshidan hozirgacha tovar ayirboshlash hajmi o‘ttiz foizga o‘sdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda", dedi prezident.

Davlat rahbari yana bir strategik loyiha — mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish loyihasi boshlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Madaniy-gumanitar aloqalar kengayib borayotgani ta’kidlandi. Joriy yilda ilk bor O‘zbekiston-Rossiya media-forumi o‘tkazildi, tashrif arafasida Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida Ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.

«Bu keyingi paytlarda hamkorlikda erishilgan yuqori marralarga bir nechta misol, xolos. Davlat tashrifingiz O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari rivojiga yangi, kuchli impuls bag‘ishlashiga ishonaman», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Vladimir Putin davlat rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Rossiyaning ishonchli ittifoqchisi, strategik sherigi ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga o‘tgan yilgi davlat tashrifidan keyin ikki tomonlama munosabatlarning hamma sohalarida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lganini, Rossiya mamlakatimiz bilan hamkorlikni bundan buyon yanada rivojlantirish niyatida ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.