Gazprom International kompaniyasi va O‘zbekiston Qoraqalpog‘istondagi Jel gaz konini qazib olish loyihasi bo‘yicha Mahsulotni taqsimlash haqidagi bitimni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati xabar berdi.

Bitimning amal qilish muddati — 25 yil. «Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasining Mahsulotni taqsimlash bitimida ishtirokidan daromad olish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishga hissa qo‘shish, Ustyurt mintaqasi konlarini geologik o‘rganish, dunyoning neft sohasidagi eng yaxshi tajribasiga asoslangan texnologiyalarni rivojlantirish, ilg‘or tajriba almashish, mutaxassislarni o‘qitish rejalashtirilmoqda», — deyiladi «O‘zbekneftgaz» xabarida.

Jel koni 2009 yilda Shoxpaxta investitsion bloki chegaralarida ochilgan edi. U Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi Ustyurt platosida joylashgan. Kon zaxirasi 6,4 mlrd kub metr gaz va 76 ming tonna gaz kondensatidan iborat.