O‘zbekiston va Rossiya hududiy korxonalari 1,2 mlrd dollarlik 242 ta savdo-iqtisodiy hamkorlik bitimlari hamda qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 1,4 mlrd dollarlik 137 ta bitimni imzoladi.

Hujjatlarga ikki davlat hududlararo Forumi dasturiga kiruvchi O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari aloqalari birjasi chog‘ida viza qo‘yildi, deya xabar qildi Iqtisodiyot vazirligi «Gazeta.uz"ga.

Surxondaryo viloyati hokimiyati va «EKO Kultura» korxonasi (Stavropol o‘lkasi) o‘rtasida yillik quvvati 65,7 ming tonna bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha agromajmua tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

Navoiy viloyati hokimiyati va «IMZ Avtokran» korxonasi (Ivanova oblasti) o‘rtasida «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi hududida yillik ishlab chiqarish quvvati 100 dona, qiymati 10 mln dollarlik avtokranlarni yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxona ochish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Ufada O‘zbekistondan «yashil yo‘lak» bo‘yicha meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib beriladigan savdo uyi ochiladi. Loyiha qiymati 800 ming dollar bo‘lib, yillik aylanmasining 45 mln dollar hajmda bo‘lishi kutilmoqda. «Zurbazar» ulgurji-taqsimlovchi markazi (Boshqirdiston) va Samarqand viloyati hokimiyati ishtirokidagi korxona loyihaning birinchi bosqichida 15 tonna sig‘imli va 10 dona transportga ega sovitish kameralari bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan biznes nonushta chog‘ida esa 8 ta hududlararo va ikkita kompaniyalar o‘rtasidagi bitimlar imzolandi.

Forum doirasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik uchrashuvlari va seminarlar yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 27 mlrd dollarga yaqin jami 800 dan ortiq ikki tomonlama bitim va memorandumlar imzolandi.

Jumladan, savdo-iqtisodiy sohalarda 6,2 mlrd dollarga yaqin 609 ta bitim hamda 20,8 mlrd dollarlik 2020 ta investitsion bitim imzolandi.

Ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha 79 ta O‘zbekiston-Rossiya korxonasi, 23 ta savdo uyi va 20 ta ulgurji-taqsimlash markazlari tashkil etiladi.