Prezident 2018 yil 17 oktyabrda «Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda joylashtirilgan.

Unga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mexanizmi ancha soddalashtirildi, deya xabar bermoqda Norma.uz sayti.

Birinchidan, endi yuridik shaxslar uni dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz eksport qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyidan boshlab bunday mahsulotlarning eksporti bo‘yicha narx belgilash tartibi o‘zgargan.

Ikkinchidan, eksportdan tushumlarni o‘z vaqtida ta’minlamagan tashkilotlar Nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladilar. Ularni eksport qilishda ularga nisbatan 100 foizlik oldindan to‘lov olish talablari qo‘llaniladi.

Uchinchidan, tadbirkorlik sub’ektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish huquqiga egadirlar. Eslatib o‘tamiz, uni to‘liq bekor qilish rejalashtirilmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan tushumdan YAST to‘lashlari kerak bo‘ladi.

To‘rtinchidan, eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi, bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno. Bunda hujjatlarda mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek tovarlarni bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish uchun eksport qiluvchi javobgar bo‘ladi.

Beshinchidan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha infratuzilma ob’ektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurishlari mumkin. Aniq tartib keyinroq tasdiqlanadi.

Tashqi savdo vazirligi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtiradi, eksport qiluvchilarga sotish bozorlarini izlashda yordam beradi, ular bilan har oyda uchrashuvlar o‘tkazadi. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar hamda eksport qiluvchilar O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasiga birlashadilar. Bunda ularga SSP, Adliya vazirligi va biznes-ombudsman ko‘mak beradi.

Keyingi yilning mart oyiga kelib internetda Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portali ishga tushiriladi. U «TradeUzbekistan.com» elektron savdo maydonchasi, DSQ va DBQ axborot tizimlari bilan integratsiyalanadi. Portal meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar, salohiyatli import qiluvchilar va h.k. to‘g‘risida axborot olish, shuningdek eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.

Vakolatli idoralarga tegishli topshiriqlar berildi, shaxsan javobgar shaxslar belgilandi.