18 oktyabr — Samarqand shahri kuni munosabati bilan O‘zbekiston avtomobil transport agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi yo‘lovchilarga imtiyoz joriy qilib, shahar aholisi va mehmonlar bir kun davomida avtobuslar xizmatidan bepul foydalanishdi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Samarqand shahri kunining ommaviy sayil tarzida o‘tishi, qolaversa, Samarqand mehmonlari va samarqandliklarga bayramga tuhfa hamda ularga qulaylik yaratishdir, deyiladi xabarda.

Bu haqda boshqarma xodimi Sherali Ne’matov shunday deydi:

— Samarqand shahridagi barcha yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar bugun ertalabdan kechgacha yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatdi. Maqsadimiz — shahrimiz aholisiga bayram kayfiyati ulashish.