Yanvar-sentyabrda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 684,5 ming so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 22,9 foizga o‘sish ta’minlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi.

Nominal hisoblangan ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ish haqi tahlillari

Ta’lim sohasida 21858 ta muassasasida 998,2 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 38,3 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 11,461 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 29 foizni) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,275 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 17,1 foizga o‘sdi.

Sanoat iqtisodiy faoliyat turida 603 ta korxonada 457,1 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 17,5 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 10,495 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 26,5 foizni) tashkil etgan. Sanoat sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,551 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 28,6 foizga o‘sdi.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 1414 ta muassasada 431,4 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 16,5 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 4,215 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 10,7 foizni) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,085 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 17,7 foizga o‘sdi.

Tashish va saqlash iqtisodiy faoliyat turida 203 ta korxonada 115,7 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 4,4 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 2,458 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 6,2 foizni) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,361 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 23,7 foizga o‘sdi.

Moliyaviy va sug‘urta faoliyati iqtisodiy faoliyat turida 172 ta muassasada 67,2 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 2,6 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 1943,0 mlrd. so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 4,9 foizni) tashkil etgan. Mazkur sohada ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3213,1 ming so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 27,6 foizga o‘sdi

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2,364 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 140,3 foiz), Navoiy viloyatida 2,215 mln so‘mni (131,5 foiz) va Toshkent viloyatida 1,886 mln so‘mni (112,0 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, Namangan viloyatida 1,311 mln so‘mni (77,8 foiz), Samarqand viloyatida 1,343 mln so‘mni (79,7 foiz) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.

Mehnat Kodeksida muayyan davr uchun belgilangan mehnat normasini va mehnat vazifalarini to‘liq bajargan xodimning oylik mehnat haqi qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi (sentyabr oyida 456,3 ming so‘mni tashkil etgan) bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.