Rossiya O‘zbekistonga milliy kosmik aloqa tizimini yaratishda yordam berishga tayyor. «Roskosmos» davlat korporatsiyasining Qozog‘istondagi vakili Anatoliy Krasnikov payshanba kuni O‘zbekiston va Rossiya hududlararo hamkorlik forumida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida birgalikda sun’iy yo‘ldoshni uchirish bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik loyihasini taqdim etdi.

KazSat-2R apparati 2023 yilda KazSat-2 bilan almashtirilishi lozim. U teleradioeshittirishlar, telefoniya, ma’lumotlarni yetkazish, VSAT tarmoqlarini yaratish, multimedia va harakatlanuvchi aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

«Roskosmos» ma’lumotlariga ko‘ra, uning xizmat ko‘rsatish zonasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiyaning markaziy qismi hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hududlarini to‘liq olishi kutilmoqda.

«Biz O‘zbekiston kosmik sohasining rivojlanishiga turtki berish uchun o‘zimizning orbital-chastota resurslarimiz, kredit resurslarimiz, ishlanmalar, kosmik apparatlarni ishlab chiqarish, kadrlarni o‘qitish va texnologiyalarni transfer qilishni taklif qilamiz», — dedi «Roskosmos» vakili.

Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston o‘zining qismiga ega bo‘lishi uchun sun’iy yo‘ldosh resurslari va foydali yuklamaning bir qismini taqdim etadi. O‘zbekiston tomonidan investitsiyalarni qaytarishni ta’minlash hamda «xohish, kelishish, masalaning muhimligini tushunish» talab qilinadi, deya ta’kidladi Anatoliy Krasnikov.