O‘zbekistonda 17 oktyabrdan qo‘shni davlatlardan avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning yangi cheklovlari joriy etildi.

Hukumatning 16 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, endilikda avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali 19 nomdagi maishiy texnika va oshxona idish-tovoqlari (ro‘yxat) olti oy ichida faqat bir marta bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin. Iyundan bu cheklov bir oyda bir martani tashkil etgan edi.

Boshqa tovarlarni (har bir nomdagidan 2 kg dan, ammo umumiy vazni 10 kg dan ortiq bo‘lmagan holatda) esa endilikda bir oyda bir marta olib kirish mumkin (avval — bir kunda bir marta).

Eslatib o‘tamiz, fevraldan jismoniy shaxslar ayrim turdagi tovarlarni istisno qilgan holda, davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda 300 dollar, temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali esa — 1000 dollar miqdoridagi tovarlarni mamlakatga boj to‘lovlarini to‘lamasdan olib kirishlari mumkin.

Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining izoh berishicha, ayrim fuqarolar bojxona to‘lovlaridan qochib, berilgan imtiyozdan tijorat maqsadida foydalanishga urinish holatlari ortib bordi. Ayrim shaxslar tovar olib o‘tish maqsadida boshqa fuqarolarni ma’lum bir haq evaziga ularni yollash yo‘liga o‘tgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bojxona rasmiyatchiligi soddalashtirilganidan foydalanib, «tashmachilar» yordamida bojxona chegarasidan o‘tkazilgan 23,8 mlrd so‘mlik tovarlarni tijorat maqsadida ichki bozorga chiqarish bilan bog‘liq 1354 ta holatning oldi olinib, 1321 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish materiallari ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlarga yuborildi, qo‘pol bojxona qonunchiligini buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Misol uchun, fuqaro R.N. joriy yilning o‘tgan davrida 413 marotaba, M.Ye. 331 marta, S.U. 282 marotaba qo‘shni davlatlarga o‘tib-qaytgan.