Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun 100 foizlik oldindan to‘lov joriy etildi O‘zbekiston prezidenti 16 oktyabr kuni imzolagan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun «Xalq so‘zi» nashri tomonidan e’lon qilindi.

Uy-joy kodeksi 134-moddasi quyidagi mazmundagi qo‘shimcha to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Davlat va xususiy uy-joy fondlarida ko‘rsatiladigan suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar oldindan 100 foizlik haq to‘lash asosida amalga oshirilishi kerak»;

Bundan tashqari, mazkur modda quyidagi mazmundagi sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlar bilan to‘ldirildi:

«Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq to‘lash amalga oshirilmagan taqdirda, suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda majburiy to‘lovlar to‘lanmagan taqdirda, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi".

Xuddi shu hujjatda «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunning 65-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Pensioner O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni ushlab qolish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, biroq uning aniqlanish sanasidan uch yildan ko‘p bo‘lmagan davr uchun undiriladi».

Qonun «Xalq so‘zi» gazetasida 17 oktyabr kuni chop etildi va rasmiy e’lon qilingan sanadan kuchga kirdi.