O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yil 18 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda ushbu davlat delegatsiyasi tashrifini, shuningdek, tashrif doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali tezkor va keng yoritishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan «O‘zekspomarkaz"da Matbuot markazi tashkil etildi. Bu haqda Matbuot va axborot agentligi saytida xabar berildi.

Jurnalistlarning qulay faoliyat yuritishlari uchun Matbuot markazida zamonaviy texnik uskunalar, tezkor internet aloqasi hamda boshqa zarur sharoitlar yaratildi.

Ushbu tashrif hamda uning doirasidagi tadbirlarni yoritish uchun Rossiya Federatsiyasidan 27 ommaviy axborot vositasi o‘zining 100ga yaqin jurnalist hamda texnik xodimlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, 10 gubernatorning Axborot xizmati vakillari qatnashish istagini bildirgan bo‘lsa, mamlakatimizda doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan 31 jurnalist ham bu jarayonlarni yoritishda ishtirok etadi.

Bundan tashqari mahalliy ommaviy axborot vositalarining 150 ga yaqin vakillari ham tadbirlarni yoritishda bevosita qatnashadi.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, tashrif kun tartibidan dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga ko‘maklashish masalalari ham o‘rin olgan.

Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar holati yuzasidan fikr almashadilar, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qiladilar.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ilk bor Ta’lim forumi va «O‘zbekiston -Rossiya» hududlararo hamkorlik forumi o‘tkaziladi, shuningdek, mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tadi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, 2019−2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019−2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi kelishuv, «Suffa» xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» va boshqa muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif asnosida, shuningdek, O‘zbekiston bilan Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida yirik investitsiya va savdo shartnomalarining imzolanishi kutilmoqda.

Matbuot markazi 2018 yil 17 oktyabrdan o‘z faoliyatini boshladi.