«Toshshahartransxizmat» AJda Germaniyaning «Mercedes-Benz» kompaniyasi menejeri Maks Kirshenxofer bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda «Mercedes-Benz» rusumli avtobuslarning texnik holati, ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, uchrashuvda 2012−2013 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslarga va harakat tarkibini yangilashga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

So‘nggi paytda jamoat transporti, xususan avtobuslar bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar jamoatchilik o‘rtasidagi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu bois, «Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan 2008−2009 yillarda ishlab chiqarilgan «Mercedes-Benz» rusumli avtobuslarni chuqurlashtirilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rildi. Aniqlangan nosozliklar bartaraf etilib, soz holga keltirilgan avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilmoqda.