Prezident Shavkt MIrziyoyev «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini imzoladi. Qonun matni O‘zAda e’lon qilindi.

Mazkur hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 6 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentyabrda ma’qullangan bo‘lib, ushbu Qonunning maqsadi xususiy bandlik agentliklarining faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Hujjatda belgilanganidek, xususiy bandlik agentligi ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotidir.

Xususiy bandlik agentligi oliy ma’lumotli rahbarni qo‘shib hisoblaganda kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek qonunda xususiy bandlik agentliklari faoliyatining asosiy prinsiplari ham belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra xususiy bandlik agentliklari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratligi belgilandi.

Xususiy bandlik agentliklarini yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin.

Shuningdek, xususiy bandlik agentligi davlat organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlar tomonidan tuzilishi mumkin emasligi qayd etildi.

Xususiy bandlik agentligi firma nomiga ega bo‘lishi va bu nomda «Xususiy bandlik agentligi» degan so‘zlar bo‘lishi kerakligi qonunda o‘z aksini topdi.

«Xususiy bandlik agentligi» degan firma nomidan faqat ushbu Qonun qoidalariga muvofiq foydalanilishi mumkin.