QHTBT portalida «Aqlli shahar» konsepsiyasi loyihasi, shuningdek uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Aqlli shahar — kompyuterlar, planshetlar va smartfonlar hamda boshqa uskunalarni, masalan, svetofor, signalizatsiya datchiklari va hokazolarni birlashtiradigan internet tarmog‘iga ulangan holda kommunikativ va axborot texnologiyalarining o‘zaro bog‘liqlikdagi tizimi. Mazkur tizim orqali shahar ichidagi jarayonlarni boshqarish soddalashtiriladi va aholining turmush darajasi yaxshilanadi.

O‘zbekistonda mazkur innovatsion texnologiyani joriy qilishning dastlabki bosqichlaridagi asosiy yo‘nalishlar transport, militsiya, xavfsizlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, suv ta’minoti va suv chiqarish, uy-joy-kommunal xo‘jaligi uchun tegishli quyi tizimlarni yaratishdan iborat bo‘ladi.

Quyidagilar tizim ishlashi uchun zarur infratuzilmani shakllantirishning muhim jihatlari hisoblanadi:

jamoat joylarida va jamoat transportlarida bepul Wi-Fi nuqtalarini tashkil etish;

O‘zbekistonda muqobil simsiz axborot uzatish texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqish orqali butun respublikada keng qamrovli mobil aloqa tarmoqlari kengaytirilishini ta’minlash — LoRaWAN, NB-IoT standartlarini joriy qilish;

«Aqlli shahar» kompleksi axborot tizimlarini talabgir elektron davlat xizmatlarini shakllantirish uchun «Elektron hukumat» tizimi bilan bosqichma-bosqich integratsiyalash.

Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.