O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoyishiga asosan Adliya vazirligi va organlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasining mas’ul lavozimlariga tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Xususan:

Jizzax viloyat adliya boshqarmasining boshlig‘i Behzod Rahmatilloyevich Boliyev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi aholining ijtimoiy qatlamlari bilan ishlash sho‘’basi mudiri lavozimiga;

Adliya vazirligining Nodavlat notijorat tashkilotlar boshqarmasining bosh maslahatchisi Eldor Alisherovich Hasanboyev esa O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sho‘’basi yetakchi konsultanti lavozimiga;

Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasining bosh maslahatchisi Bobur Bahodirovich Karimov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi davlat hokimiyati respublika organlari bilan ishlash sho‘’basi yetakchi inspektori lavozimlariga tayinlandi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi paytlarda Adliya vazirligi tizimida mehnat qilayotgan ko‘plab malakali xodimlar respublika yuqori tashkilotlariga tegishli lavozimlarga tayinlanishi kuzatilmoqda.

Masalan, 2017−2018 yilning o‘zida 26 ta eng tajribali xodimlar mas’ul lavozimlarga tayinlangan, jumladan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasiga 16 nafar, Vazirlar Mahkamasiga 8 nafar, Hisob palatasining mas’ul rahbar lavozimlariga 2 nafar hamkasblarimiz tayinlangan.

Adliya vazirligi jamoasi yangi lavozimlarga tayinlangan hamkasblarni chin dildan tabriklaydi va kelgusidagi ishlarida kattadan-katta muvaffaqiyatlar tilaydi.