18−19 oktyabr kunlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga davlat tashrifi amalga oshiriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev matbuot xizmati tashrifning qisqacha dasturini e’lon qildi.

Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik holati yuzasidan fikr almashadilar. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Tashrif kun tartibidan dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga ko‘maklashish masalalari ham o‘rin olgan.

Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ilk bor Ta’lim forumi va «O‘zbekiston-Rossiya» hududlararo hamkorlik forumi o‘tkaziladi, shuningdek, mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan marosim ham o‘tkaziladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, 2019−2024 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019−2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish va faoliyatini ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuv, «Suffa» xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» va boshqa muhim ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif davomida, shuningdek, O‘zbekiston bilan Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida yirik investitsiya va savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.