Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan «First Saturday GM» xalqaro turnirida Javohir Sindorov muvaffaqiyatli ishtirok etib, uchinchi grossmeysterlik talabini bajardi va 12 yoshida jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteriga aylandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bundan bir yil oldin Javohir xalqaro shaxmat ustasi unvoniga sazovor bo‘lib, prezidentning qimmatli sovg‘asini qo‘lga kiritgandi.

O‘tgan bir yil ichida Javohir o‘z ustida tinimsiz ishlab, joriy yil iyun oyida «Voronej open-2018» xalqaro musobaqasida birinchi, sentyabr oyida Turkiyada o‘tkazilgan 20 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi grossmeysterlik talabini bajargandi.

Shunisi quvonarliki, Javohir 12 yosh 10 oy 8 kunda grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritib, jahon shaxmat tarixida S.Koryakindan (12 yoshu 7 oy) keyin ikkinchi, shaxmat vatani bo‘lmish Osiyoda esa birinchi — eng yosh shaxmatchi sifatida o‘z nomini tarix yilnomalariga muhrlab qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, bu yuksak unvonga shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen 13, jahon chempionlari Robert Fisher 15, Vladimir Kramnik 16, Garri Kasparov 17, Anatoliy Karpov, Vishanatan Anand 19, Mixail Tal 21, Tigran Petrosyan 23, Vasiliy Smislov 29, Mixail Botvinnik 39 yoshida sazovor bo‘lgan.