Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida o‘tkazilgan III Paraosiyo o‘yinlari ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar Janubiy Koreya orqali O‘zbekistonga qaytib keldi. Sportchilar Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida bosh vazir o‘rinbosari so‘zga chiqar ekan, qayd etilgan yuksak natija, ko‘rsatilgan jasorat uchun hukumat nomidan minnatdorchilik bildirdi. Ushbu yutuqlar zamirida ulkan mehnat yotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng Miran Saxatov, Rozaxon Qo‘ziyeva kabi sportchilar, paraatletlarning ota-onalari so‘zga chiqib, yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Sportchilar navbatdagi musobaqalarda bundanda yuksak natijalarni qayd etishga va’da berishdi.

Shundan so‘ng tantanalar O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida davom ettirildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi va qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan paralimpiyachilarni tabrikladi. So‘ngra yig‘ilganlar uchun bayramona dasturxon yozildi.

Eslatib o‘tamiz, ortda qolgan Paraosiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan 77 ta medal, jumladan 35 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. Bu orqali O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlarida medallar sifati bo‘yicha ham, soni bo‘yicha ham o‘z rekordini yangiladi.