Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Qurg‘oqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda seshanba kuni Samarqandda «Orol dengizi basseynida turg‘un boshqaruv va ijtimoiy barqarorlikni ilgari surish uchun innovatsion yondoshuvlar» mavzusidagi Xalqaro forum ochilishida e’lon qilindi.

Hujjatga innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va ICBA direktori Ismaxon Eluafi imzo chekdi. Unda O‘zbekistonda Orolbo‘yi innovatsiya markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Markaz Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida joylashib, qurg‘oqchilik sharoitida tadqiqotlar, texnologiyalar transferi va ta’lim sohasidagi ilg‘or innovatsiya markaziga aylanadi.

Xalqaro innovatsion markaz Orol dengizining qurib qolgan tubidagi sho‘ralagan tuproqli yerlarda ekotizimni va barqaror tirik hayotni rivojlantirish, sho‘rlagan tuproqli muhitda turli muammolarni hal etish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni, jumladan, agroo‘rmon melioratsiyasi, sahroni daraxtzorga aylantirish, suv osti ekinlari, bioenergetika, ekinlar diversifikatsiyasi, ekinlar kompleksini yetishtirish, chorvachilik, yaylovlarni rivojlantirish, qurg‘oqchilikni boshqarish va uning oqibatlarini yumshatish, Orol qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orol dengizi havzasining ekologik sog‘lomlashtirish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ydi.

ICBA Markazning texnik-iqtisodiy asoslashni qo‘llab-quvvatlash jarayonini boshqaradi. Orolbo‘yida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Qurg‘oqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA), O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan grant tanlovlari natijalariga ko‘ra ajratiladigan mablag‘lar, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki tomonidan loyihalarni moliyalashtirishga ajratiladigan mablag‘lar, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek O‘zbekiston rezidentlari bo‘lmagan shaxslarning xayriya mablag‘lari hisobidan shakllantirilishi kutilmoqda.