16 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Termizda mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nasir Ahmad Andisha bilan uchrashdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Suhbatda oliy darajadagi O‘zbekiston — Afg‘oniston uchrashuvlari doirasida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlari hamda ikki tomon kun tartibining joriy masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy muammolar bo‘yicha fikr almashildi.

Nasir Ahmad Andisha Afg‘oniston rahbariyati nomidan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan ko‘mak hamda Termiz shahridagi Afg‘oniston Bosh konsulxonasini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar tezkor hal qilib berilgani uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalari viloyat markazida Afg‘oniston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.