Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida Brayl yozuvida chop etishga mo‘ljallangan kichik bosmaxona ochildi. Shu munosabat bilan tadbir bo‘lib o‘tdi, deyiladi O‘zA xabarida.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda 70 mingga yaqin ko‘zi ojiz aholi yashaydi. Respublikada ko‘zi ojizlar kutubxonalarini Brayl yozuvidagi kitoblar bilan ta’minlash maqsadida, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga Axborot-kutubxonalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratilgan va ularga Brayl yozuvida chop etishga mo‘ljallangan kichik bosmaxona uskunasi xorijdan olib kelindi.

Uskunalarni o‘rnatish va ishlatish uchun Latviyadan Vilis Yeisaks va Boriss Filatovs tashrif buyurdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, mazkur uskunalarni ishga tushirilishi «INFOLIB-2018» VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida tashkil etilmoqda.