Toshkent shahrining doimiy aholisi soni 1 oktyabr holatiga qariyb 2,5 mln kishini tashkil etib, yil boshiga nisbatan 33 ming kishiga yoki 1,3 foizga o‘sgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi.

Poytaxtda aholining tabiiy o‘sishi 2017 yildagi 19,9 ming kishidan 22,1 ming kishiga qadar o‘sdi.

To‘qqiz oy davomida 34 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda tug‘ilish koeffitsiyenti 1000 aholiga nisbatan 18,3 promilleni tashkil etdi va 2017 yilga nisbatan 0,7 ga (2017 yilning mos davrida — 17,6 promille bo‘lgan) o‘sdi.

Yanvar-sentyabr oylarida 11,9 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, shundan 461 nafari 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soniga to‘g‘ri kelmoqda. O‘lim koeffitsiyenti 6,4 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,3 ga kamaydi (2017 yilning mos davrida — 6,7 promille bo‘lgan). Poytaxt aholisining tabiiy o‘sishi 22,1 ming kishini tashkil etib, 2017 yilgning mos davriga nisbatan 2,2 ming kishiga o‘sishi (2017 yilning mos davrida 19,9 ming kishi bo‘lgan) kuzatildi

FHDYO organlarida yanvar-sentyabr oylarida 14,4 mingta nikoh va 3,1 mingta nikohdan ajralishlar qayd etildi. 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 7,7 promilleni tashkil qilib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,2 ga o‘sdi (2017 yilning mos davrida — 7,5 promille bo‘lgan). Nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1000 aholiga nisbatan 1,7 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega (2017 yilning mos davrida 1,5 promille bo‘lgan) o‘sgan.