2018 yil 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida joriy yilning 15−20 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Infolib Uzbekistan» VII Milliy axborot-kutubxona haftaligiga start berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Haftalik O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Fanlar akademiyasi, O‘rta maxsus va kasb ta’limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Mazkur haftalikini o‘tkazishdan asosiy maqsad — axborot-kutubxona foydalanuvchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish hamda kutubxona sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, yoshlarda mutolaaga bo‘lgan mehrni oshirish, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etishda kutubxonachilar o‘rtasida tajriba almashish va ilg‘or tajribalarni hududlarga borib joriy etishdan iboratdir.

Yetti yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «INFOLIB» Milliy axborot-kutubxona haftaligining mavqei va ahamiyati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Ushbu haftalik doirasida 40 dan ziyod turli mavzulardagi tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, ko‘rik-tanlovlar, aksiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Aytib o‘tish kerakki, mazkur haftalik O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida» 2017 yil 28 iyuldagi, «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» 2017 yil 13 sentyabrdagi qarorlari hamda Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash majlisining 2018 yil 7 apreldagi 1-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Haftalik 20 oktyabrgacha qadar davom etadi.